«Rossiyskaya gazeta» nashri 2015 yilning dekabr oyidagi eng arzon yangi avtomobillar o'nligini tuzib chiqdi. Mazkur ro'yxatning birinchi pog'onasida «Ravon Matiz» nomi qayd etilgan. Ayni paytda «Ravon Matiz» Rossiyada 314 ming rublga sotilmoqda.

Xitoyliklarning «Lifan Smily» kichik xetchbeki ikkinchi o'rinni mustahkam egallagan. Standart jamlanmasi bilan mazkur avtomobil 319 900 rublga baholangan. Mashina tashqi tomondan britaniyaning Mini Cooper`ini eslatib, 1,3 litrli 89 ot kuchiga ega motor bilan ta'minlangan.

Keyingi o'rinlarda «Lifan Smily New» (364,9 ming rubl), «Lada Granta» (368,9 ming rubl), «Lifan Solano» (379,9 ming rubldan boshlanadi), «Lada Granta» (388,5 ming rubldan boshlanadi), «Geely GC6» sedani (389 ming rubldan boshlanadi) «Chery Bonus» (389,9 ming rubl), «Renault Sandero» xetchbeki (399 ming rubl) va «Chery Very» xetchbeki (399999 rubl), «Datsun on-DO» (400 ming rubldan boshlanadi).

«Ravon Matiz» sitikarining yangi avlodi Rossiyada 2016 yilning mart-aprel oyidan savdoga chiqarilishi ma'lum bo'ldi. Rossiya top-10 reytingiga 379 ming rubldan boshlanadigan «Ravon Nexia» avtomobilining kiritilishi ham kutilmoqda.

«2016 yilning birinchi qismida Rossiya bozorida «Ravon Matiz» va «Geely GC6» narxlari o'sishi kutilmoqda. O'z navbatida boshqa arzon avtomobillar paydo bo'lishi mumkin. Xususan, fevral oyida narxi 380 ming rubl atrofida bo'ladigan «Lada Priora», may oyida 250 ming rubldan taklif etiladigan «Bajaj Qute» avtomobillari bozorga chiqishi mumkin", deyiladi maqolada.
GM Uzbekistan tomonidan seriyali ishlab chiqarish boshlangan gaz-ballon uskunasi bilan jihozlangan Lacetti avtomobillarining texnik xususiyatlari ma’lum qilindi. Bu haqda “O‘zavtosanoat” AK matbuot xizmati xabar bermoqda.

Avtomobil GM PowerTrain Uzbekistan qo‘shma korxonasi tomonidan gazda ishlashga maxsus moslashtirilgan dvigatel bilan jihozlangan. Dvigatel kuchaytirilgan silindr-porshen guruhi va klapan mexanizmiga ega.

Bundan tashqari, avtomobilning yurish qismi detallari — amortizator tayanchlari, prujinalar, ko‘ndalang barqarorlik stabilizatorlari yanada kuchaytirildi.
Bir kishi mashinasini katta tezlikda boshqarib ketayotgan edi. Yo‘lda uni yo‘l harakati xavfsizligi xizmati nazoratchisi to‘xtatdi.

Nazoratchi dalolatnoma yozmoqchi bo‘ldi. Haydovchi tanish-bilish, yana bir narsalarni har qancha o‘rtaga solmasin, nazoratchi yozishdan to‘xtamadi.

Haydovchi u bilan tortishish befoyda ekanini bilib, mashinasiga borib o‘tirdi. Nazoratchi esa qo‘lidagi dalolatnomani haydovchiga tutqazib, o‘zi ketdi.

Haydovchi qo‘lidagi qog‘ozga qaradi, unda shunday so‘zlar yozilgandi:

“Meni ikki farzandim bor edi. Bir qizcham va bir o‘g‘lim. Qizalog‘imni katta tezlikda kelayotgan mashina urib ketdi va u olamdan o‘tdi. Haydovchi biroz muddat jazosini o‘tagach, yana oilasi bag‘riga qaytdi, men esa hamon qizalog‘imni sog‘inaman. Onasi esa qizalog‘imiz dardida ado bo‘ldi. Iltimos, tezlikni oshirma, meni bittagina farzandim qoldi, xolos. Undan ham ajralsam, menga bu dunyoda yashashdan mazmun qolmaydi”.
Nima bo‘ldi?

Toshkent shahrida 15-fevraldan litsenziyasiz taksichilar faoliyatiga chek qo‘yish maqsadida Ichki ishlar boshqarmasi, Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi, Davlat soliq qo‘mitasi va “Toshshahartransxizmat” xodimlaridan iborat 47 guruh reydlar o‘tkazishni boshladi.

Litsenziyasiz taksichilarni tutib olishsa, nima bo‘ladi?

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 176-3-moddasiga muvofiq, yo‘lovchi tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanayotganlar eng kam ish haqining 20 dan 100 baravarigacha (16-fevral holatiga ko‘ra, 2,6 million so‘mdan 13 million so‘mgacha), yuridik shaxslar esa 50 baravaridan 150 baravarigacha (16-fevral holatiga ko‘ra, 6,51 million so‘mdan 19,53 million so‘mgacha) miqdorda jarimaga tortiladi. Agar bu holat takrorlansa, Jinoyat kodeksining 190-moddasi bo‘yicha eng kam ish haqining 25 baravaridan 75 baravarigacha (16-fevral holatiga ko‘ra, 3,25 million so‘mdan 9,76 million so‘mgacha) miqdorda jarima yoki 5 yilgacha muayyan huquq (masalan, haydovchilik guvohnomasi)dan mahrum qilish yoxud 3 yilgacha muddatga axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Litsenziya kimlarga beriladi?

Shaharda va shahar atrofida yuk tashiydigan taksi faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan, masalan, “Gazel” yuk mashinasi bor kishi Toshkent shahar hokimligining Yo‘lovchilar tashish transportining barcha turlari harakatini litsenziyalash va muvofiqlashtirish departamentiga pasport, haydovchilik guvohnomasi va yakka tartibdagi tadbirkorning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi bilan borib, yuk ko‘tarish quvvatiga qarab 50 dollardan 100 dollargacha bo‘lgan bojni (Markaziy bankning to‘lov kunidagi kursi bo‘yicha, albatta) to‘lasa bo‘ldi — besh yil amal qiladigan litsenziya tayyor. Biroq bu, yana qayd etamiz, yuk tashiydigan taksi uchun.

O‘z Matiz’i yoki Nexia’sida yo‘lovchi tashimoqchi bo‘lganlarning ishi biroz murakkab. O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligidan “Daryo”ga ma’lum qilishlaricha, yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan yo‘nalishsiz taksi faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan haydovchi birorta taksi korxonasi (yuridik shaxs)ga murojaat qilib, o‘z avtomobilini shartnoma asosida (notarius orqali) shu korxonaga ijaraga berishi kerak. Shundan so‘ng avtomobil taksilar uchun xos yagona tanish belgilari bilan to‘liq jihozlanadi.

Yo‘nalishsiz taksining yagona tanish belgilari nima?

O‘zbekiston hukumatining “Yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, yagona tanish belgilari ikkiga — tashqi va ichki ma’lumot beruvchilarga bo‘linadi. Tashqi ma’lumot beruvchi belgilar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

mashinaning tepasiga o‘rnatilgan to‘q sariq rangli fonarga TAXI tanish belgisini o‘rnatish;
shaxmat tartibida joylashtirilgan qora kvadratlardan iborat bo‘lgan kompozitsiya va mashinaning oldingi eshiklaridagi “T” harflari;
mashinaning oldingi eshiklaridagi taksi korxonasi (yuridik shaxs)ning nomi;
yo‘nalishsiz taksilar uchun mo‘ljallangan maxsus seriyadagi davlat raqami belgisi;
faqat Toshkent shahri uchun — mashinaning “fil suyagi” rangiga bo‘yalishi (boshqa barcha joyda avtomobil sariq rangga bo‘yaladi).

Ichki ma’lumot belgilariga esa quyidagilar kiradi:

old oynaning yuqoridagi o‘ng burchagiga joylashtirilgan yashil rangli chiroq;
mashinaning davlat raqami belgisi, haydovchining familiyasi, ismi, otasining ismi va fotosurati, ish vaqtining boshlanishi va tugashi, yo‘lkira qiymati (so‘mda), taksi korxonasining manzili va telefon raqami, litsenziya kartochkasining raqami va amal qilish muddati to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek, majburiy sug‘urta qilinganlik haqidagi ma’lumot ko‘rsatilgan ma’lumotlar tablichkasi;
hisoblagich (taksometr);
belgilangan tartibda sotib olinadigan va foydalaniladigan radioaloqa vositasi.

Litsenziya uchun necha pul to‘lanishi kerak?

Taksi korxonasi besh yil muddatga litsenziya oladi (atigi bitta eng kam ish haqi miqdorida pul to‘lab). Lekin o‘zi ijaraga olgan (yoki ijaraga bergan) har bir avtomobil uchun bir yilga — agar mashinadagi o‘rinlar soni to‘rttagacha bo‘lsa — 75 AQSh dollari, agar to‘rt o‘rindan ko‘p bo‘lsa — 125 dollardan boj to‘laydi (Markaziy bankning to‘lov kunidagi kursi bo‘yicha). Vazirlar Mahkamasining “Avtomobil transportida yo‘lovchilarni va yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga ko‘ra, taksi korxonasidagi bitta avtomobil — bitta litsenziya kartochkasi, degani.

Litsenziya kartochkasi?! U nima?

Litsenziya bilan birga har bir avtotransport vositasiga litsenziya kartochkasi beriladi — taksi korxonasining har bir avtomobilida litsenziya kartochkasi bo‘lishi shart. Haydovchining litsenziya kartochkasi bilan ta’minlanmagan avtomobildan foydalangan holda olgan daromadi (foydasi) noqonuniy hisoblanadi.

Litsenziya va litsenziya kartochkasi necha kunda beriladi?

Taksi korxonasiga litsenziya berish haqidagi qaror Toshkent shahar hokimligining Yo‘lovchilar tashish transportining barcha turlari harakatini litsenziyalash va muvofiqlashtirish departamenti tomonidan, ariza berilganidan keyingi 15 kun ichida qabul qilinishi kerak. Qaror qabul qilinganidan keyin 3 kun ichida taksi korxonasi xabardor qilinadi. Agar hammasi ko‘ngildagidek bo‘lsa, navbatdagi uch oy ichida litsenziya shartnomasi imzolanadi, taksi korxonasiga litsenziya hamda litsenziya kartochkalari taqdim etiladi (litsenziya olguncha bo‘lgan munosabatlar sxemasini bu yerda tomosha qilish mumkin). Agar taksi korxonasi yangi mashinalarni sotib olsa yoki ijaraga olsa, yana 75 (yoki 125) dollar to‘lab (esdan chiqmasin, Markaziy bankning to‘lov kunidagi kursi bo‘yicha), qo‘shimcha litsenziya kartochkasini oladi.
Yangi avlod Chevrolet Camaro — ZL1 trekli modifikatsiyasi 650 ot kuchiga teng dvigatelga ega bo‘ldi. Bu ikki eshikli avtomobilning mart oyida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan ommaviy taqdimotida e’lon qilingandan o‘n ot kuchiga ko‘pdir, deya xabar berdi Motor nashri.
Foto: Motor
Chevrolet Camaro ZL1 6,2 litrli kompressorli sakkizlik motorga ega bo‘ldi.
Dvigatel olti pog‘onali mexanik yoxud General Motors va Ford tomonidan ishlab chiqarilgan yangi o‘n diapazonli avtomatik transmissiya bilan uyg‘unlikda ishlashi mumkin.
Foto: Motor
Sportkarning dinamik tavsiflari ma’lum qilinmagan. Undan avvalgi avlod 3,9 soniyada tezligini soatiga 96 kilometrgacha oshira oladi. Uning maksimal tezligi esa soatiga 296 kilometrni tashkil etadi.
AQShda Chevrolet Camaro ZL1 ning narxi 60 ming dollardan boshlanishi kutilmoqda.
Facebook’dagi “Voditeli Tashkenta (Drivers.uz)” guruhida “G‘azalkent — Toshkent” yo‘lida yuz bergan yo‘l-transport hodisasi haqida xabarlar,
foto va videolar paydo bo‘ldi. Foydalanuvchilarning yozishicha , hodisa 31-iyul, yakshanba kuni mahalliy vaqt bilan 16:00 atrofida yuz bergan.
Foto: Facebook / “Voditeli Tashkenta (Drivers.uz)”

Videoda katta tezlikda harakatlanib kelgan Nexia avtomobili oldindagi “Gazel” yuk mashinasini qoidaga xilof ravishda o‘ng tomondan quvib o‘tishga uringanini ko‘rish mumkin. Oqibatda, Nexia haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘lning o‘ng tomonidan pastlikka katta tezlikda tushib ketgan (videoyozuv guvohlardan birining avtomobilidagi videoregistratori yordamida oligan bo‘lib, muallif videoregistratorda vaqt sozlanmagani, shu sababli sana 2015-yil sifatida ko‘rsatilayotganini ma’lum qilgan).
Xabarlarga ilova qilingan suratlarda avtomobilga jiddiy zarar yetganini ko‘rish mumkin. Foydalanuvchilarning yozishicha, Nexia’da, haydovchidan tashqari, bir yo‘lovchi ham bo‘lgan. Hodisa oqibatida haydovchi jiddiy jarohat olgani, unga o‘tkinchi mashinalardagi mutaxassisligi shifokor bo‘lgan kishilar yordam ko‘rsatgani aytilgan.
Voqeaga munosabat bildirgan foydalanuvchilarning ko‘pchiligi Nexia haydovchisining yo‘l-transport hodisasiga qadar amalga oshirgan harakatlarini keskin qoralagan.
Yo‘l harakati qoidalari 13.2. bandiga ko‘ra , Relssiz transport vositalarini faqat chap tomondan quvib o‘tishga ruxsat beriladi, ayni vaqtda, chapga burilish ishorasini berib, burilishga kirishgan transport vositasini quvib o‘tish o‘ng tomondan amalga oshiriladi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-moddasi 1-qismiga muvofiq , haydovchilar tomonidan quvib o‘tish qoidalarini buzish eng kam ish haqining yarmi (2-avgust holatiga ko‘ra — 65 120 so‘m) miqdorida jarimaga tortiladi.
Aeromobil kompaniyasi 2017-yildan o‘zining uchar avtomobillarini seriyali ishlab chiqarishni va sotishni boshlaydi. Bu haqda, Aktualne nashriga asoslanib, “Gazeta.ru” xabar bermoqda.

Avtomobil prototipi 3 litr hajmli, 100 ot kuchiga ega benzinli dvigatel bilan ta’minlangan. U 160 kilometr/soat tezlikka ega bo‘lib, 200 metr uzunlikdagi tasmadan havoga ko‘tarilishi mumkin. havodagi maksimal tezlik — 200 kilometr/soat, parvoz davomiyligi — 700 kilometr.

Avtomobil bir necha yuz ming yevro turishi aytilmoqda.
Britaniyaning AutoExpress nashri dunyodagi seriyali ishlab chiqariluvchi eng tez yo'ltanlamas Bentley Bentayga bilan SVAutobiography deb nomlanuvchi hashamdor Range Rover o'rtasida poyga tashkil etdi. Kuch sinashish start chizig'idan boshlandi va bir kilometr masofaga sarflanadigan vaqt hamda marraga chizig'idagi eng yuqori tezlik bilan o'lchandi. Bentley 608 ot kuchiga ega olti litrlik W12 benzinli dvigateli bilan jahozlangan bo'lib, sakkiz bosqichli «robot» yordamida harakatlanadi. U 4,1 soniyada «yuz»ga chiqadi. Eng yuqori tezligi soatiga 301 kmni tashkil etadi. 5 litrlik, 510 ot kuchiga ega motor o'rnatilgan Range Rover SVAutobiography mexanik kuchaytirgichga ham ega bo'lib, sakkiz diapazonli ZF avtomatik uzatmalar qutisi yordamida harakatga keladi. U 5,4 soniyada «yuz»ga chiqadi.AutoExpress nashri o'lchovlariga ko'ra, Bentayga 4,3 soniyada 96 kmlik marrani bosib o'tgan bo'lsa, Range Rover 5,4 soniyada ushbu tezlikka erishgan. Avtomobillar 160 km/soat tezlikka tegishli ravishda 9,6 va 12,9 soniyada chiqishga muvaffaq bo'lgan. Bentley yo'ltanlamasi bir kilometr masofani 22,7 soniyada ortda qoldirgan bo'lsa, Range Rover 25,2 soniyada marraga yetgan. Marra chizig'ida ularning tezligi 238 km/s va 210 km/soatdan iborat bo'lgan.
GM Uzbekistan kompaniyasi Turkmaniston va Ozarbayjon bilan Ravon avtomobillarini yetkazib berishni boshlash borasida muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda Turkmanistonning Arzuw News nashri xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, yangi savdo belgisi Ashxobodda joriy yil oxirigacha taqdim etiladi.

“Ixcham va arzon Ravon avtomobillari GM Uzbekistan zavodi konveyeridan chiqadi. Kompaniya MDH mamlakatlarida dilerlar tarmog‘ini yaratmoqda”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, GM Uzbekistan kompaniyasi 30-sentabrda Belarusda Ravon brendi taqdimotini o‘tkazdi.
1962 yilning noyob Ferrari 250 GTO mashinasi 45 mln funt sterling (56 mln dollar) narx bilan auksionga qo'yildi, deb xabar bermoqda The Telegraph.Avtomobil "Sebring 12 soati" marafonida ishtirok etgani va bu poygada o'z sinfida g'olib bo'lgani hamda umumiy hisobda 2-o'rinni olgani bilan mashhurdir. Mashina shuningdek "Le-Man 24 soati" musobaqasida ham ishtirok etib, o'z toifasida g'olib bo'lgan va poygada marraga oltinchi bo'lib yetib kelgan.Model 300 ot kuchiga ega V12 dvigateli bilan jiholangan bo'lib, 100 km/soat tezlikka 6 soniyada erishadi. Uning maksimal tezligi esa 270 km/soat ni tashkil qiladi. Bugungi kunda eng qimmatbaho mashina 1963 yilda ishlab chiqarilgan Ferrari 250 GTO mashinasi bo'lib kelayotgandi: u 2013 yilda 52 mln dollarga sotilgan.
So'nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda, avtotransport vositalariga beriladigan davlat raqamlariga oid xabarlar keng tarqalmoqda. Facebook (Troll.uz guruhi), Telegram kabi ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlarda avtomobillarga beriladigan davlat raqamlarining turli namunadagi ko'rinishlari va ularga belgilangan narxlar aks etgan jadval havola etilmoqda. Unga ko'ra, xususan, davlat avtomobil raqamlari: “platina”, “oltin”, “kumush” va “bronza” deb nomlangan to'rt toifaga ajratilganini ko'rish mumkin. Jumladan, “platina” toifasidagi 001, 005, 007, 500, 555, 777 kabi raqamlar to'plamidan 7 juft borligi va har bir raqam egasi bo'lish uchun eng kam oylik ish haqining 200 baravari miqdorida, ya`ni 29 mln 955 ming so'm davlat boji to'lash belgilanganligini ko'rish mumkin. “Oltin” toifasidagi raqamlar guruhi uchun eng kam oylik ish haqining 100 baravari 14 mln 977 ming 500 so'm to'lash kerak bo'ladi. Biroq, Kun.uz sayti ushbu masala bo'yicha Toshkent shahar DAN boshqarmasiga murojaat qilganida, boshqarmaning o'zini To'ychiyev deb tanishtirgan xodimi, bu kabi turli xil asossiz ma`lumotlarga ishonish kerakmasligini ta`kidladi. U, shuningdek, avtomobil davlat raqamlari tasodifiy tanlov asosida berilishini qayd etdi.
BMW kompaniyasi BMW i bo'limining 3 yilligini nishonladi. Kompaniya 2013 yilda subbrendi ishga tushirilishi vaqtidan beri butun dunyo bo'ylab elektr dvigatelli mashinalardan 100 ming dona sotgan.Kompaniyaning eng ko'p sotiluvchi elektrokari i3 xetchbeki hisoblanadi, bu mashinadan umumiy hisobda 60 mingdan ko'proq sotilgan. Model "sof" elektr dvigatelli hamda quvvatlash uchun ishlatiladigan ikki silindrli qo'shimcha ichki yonuv dvigatelli variantda taklif qilinadi. Elektrokar yaqinda yangi batareya bilan jihozlandi va buning evaziga avtomobilning yurish zaxirasi 1,5 barobarga oshdi.BMW i8 gibrid kupesi butun dunyo bo'ylab 10 mingdan ko'proq sotildi. Bu mashinada eDrive elektr dvigateli bilan birga 1,5 litrli turbomotor o'rnatilgan. Yana 30 mingta iPerformance avtomobilidan sotildi. Bu brend ostida BMW’ning oddiy modellari negizida qurilgan gibridlar sotiladi, bular: 740Le xDrive va 330e sedanlari, X5 xDrive40e va X1 xDrive25Le krossoverlari, 225xe kompaktveni.Yaqinda BMW Group MINI Cooper S E Countryman ALL4 gibridini namoyish qildi. BMW 2018 yilda i8 Roadster, 2019 yilda MINI, 2020 yilda esa BMW X3 elektrokari ishlab chiqarishni rejalashtirgan. Hozirda kompaniya o'z ustuvor yo'nalishlarini o'zgartirmoqda: kompaniya "yashil" texnologiyalarni rivojlantirishda muayyan muvaffaqiyatlarga erishgani sababli, o'zining ilg'or bo'limini avtopilotli avtomobillarni ishlab chiqarishga yo'naltiradi. BMW iNEXT shartli nomiga ega kompaniyaning bunday modeldagi birinchi mashinasi 2020-yillar boshida paydo bo'ladi.
Facebook’dagi “Voditeli Tashkenta (Drivers.uz)” guruhida Andijon shahrida yomg‘ir yog‘ganidan so‘ng yuzaga keladigan muammolardan biri haqida fotoxabar qoldirildi.

Xabarga ilova qilingan fotosuratlarda Andijon shahrining Universitet ko‘chasidagi kesishmalardan biri suvga to‘lib qolgani, odamlar arqon tortib, suvdan Damas’larni olib chiqayotgani aks etgan.

“Andijondagi Universitet ko‘chasi — yomg‘ir yog‘ganida har doim shu ahvol”, — deb yozadi fotoxabar muallifi.
Sug‘urta xizmatlari ko‘rsatuvchi va avtomobil bozorini o‘rganuvchi “Insurethegap.com” portali “Forsaj”ning barcha qismlarida buzilgan mashinalar va inshootlarning qiymatini hisoblab chiqdi. Umumiy summa qariyb 420 million funt sterling yoki 520 million dollardan ko‘proqni tashkil qildi. Bu haqda “Motor” xabar berdi.

Umumiy qiymat ichiga filmning yetti qismidagi avtomobillar, samolyotlar va vertolyotlar, binolar, avtobuslar, tanklar, poyezdlar va motosikllar kirdi. Transport vositalari ichida 169 tasi qisman zararlangan, 142 ta oddiy transport vositasi butunlay yo‘q qilingan. 37 ta maxsus transport vositasi majaqlangan, 53 ta inshoot zararlangan, 31 tasi butunlay buzib tashlangan.

“Forsaj”da zarar ko‘rgan eng qimmat mashina W Motors Lykan Hypersport giperkari bo‘lib, uning narxi 3,4 million dollarni tashkil qilgan. Ijobiy qahramonlar yetkazgan zarar 324 million dollarni, salbiy qahramonlarning hissasi esa 196 million dollarni tashkil qilgan.

Shu bilan birga eng buzg‘unchi salbiy qahramon Jeyson Steytem ijrosidagi personaj bo‘lib, u qariyb 185 million dollarlik zararni keltirib chiqargan. Ijobiy qahramonlar orasida Vin Dizel yaratgan personaj eng ko‘p zarar yetkazgan bo‘lib, uning qiymati 70 million dollarga yaqin.

Ekspertlarning ma’lumotlariga ko‘ra, buzg‘unchiliklar oltinchi va yettinchi qismlarda keskin oshib ketgan.

“Forsaj” filmining sakkizinchi epizodi 12-aprelda katta ekranlarga chiqadi.
Amerikaning Vanderhall kompaniyasi «arzon» uch g'ildirakli Venice avtomobilini taqdim etdi. Karbonli kuzovga ega mashina shassisi alyuminiydan yasalgan bo'lib, unga General Motors dvigateli o'rnatilgan. Uning narxi 29 ming 950 dollardan boshlanadi. Bu esa, firmaning ilk trisikli Laguna modelidan 20 ming dollarga arzonroqdir. Sportkar Laguna trisiklining alyuminiy shassisida barpo etilgan bo'lib, vazni 623 kilogrammni tashkil etadi.

Vanderhall Venice 1,4-litrli, 200 ot kuchiga ega turbomotor joylangan. U 6 bosqichli avtomatik uzatmalar qutisi bilan hamkorlikda ishlaydi. Trisikl besh soniyada “yuz”ga chiqa oladi. Trisiklning eng yuqori tezligi 210 kilometrni tashkil etadi.
Uch g'ildirakli sportkarga ABS tormoz tizimi, sovuq kunlarda isiydigan o'rindiqlar, Bluetooth stereotizimlariga ega. Kuzovning orqa qismida 75 litr hajmdagi uncha katta bo'lmagan yukxona ham bor.

Vanderhall firmasi Venice modelidan tashqari, Laguna sportkarini ham taklif etadi. Uning narxi 49,9 ming dollardan boshlanadi.
1 2 3 4 »
АВТОРИЗАЦИЯ НА САЙТЕ