Bu «dahshatli» voqea uylanganimning beshinchi yili sodir bo‘ldi. Olis shaharning ko‘p qavatli uylaridan birida joylashgan kvartiramga kirib keldim. Xotinim pishirib ketgan bir qozon ovqat (uch-to‘rt kun yeydi, degan-da), ustiga sochiq yopib qo‘yilgan choynak. Bilaman, dasturxonda yumshoq non, pechene, shakar va konfetlar. Bularni tayyorlamay joni nechta?! Jimjit xonalarga bir-bir ko‘z tashlab chiqdim-da, dasturxon oldiga keldim.

Birinchi kun
Bu kunning og‘irligi bilinmadi. Qozondagi ovqatdan ichishim uchun kosa va cho‘michni axtarayotib, biroz asabiylashdim. Kosani ko‘rinarli joyga qo‘yib ketmaydimi, qayerda turishini qayoqdan bilaman?! Choy sovigan ekan. Shunisi yaxshi… Keyin esa to‘shak solishga ham erinib, televizor tomosha qilgan joyimda uxlab qoldim. Tushimda xotinimdan g‘azablandim: «Mehmonga ketishga balo bormidi?! Endi kim ovqat qiladi-yu, kim dasturxonni yig‘ishtiradi?..»

Ikkinchi kun
Ertalab ovqatni isitadigan odam yo‘qligi ta’bimni xira qildi, sovuq holda ichdim. Choy damlashga erinib, vodoprovod suvini simirib qo‘ya qoldim… Ishga ketdim. Kechqurun yana o‘sha ovqat kutib turardi. Bitta toza kosa qolgan ekan, o‘shanga ovqat quydim. Biroq allaqanday hid va yoqimsiz ta’m ishtahamni bo‘g‘di. Achigan shekilli, chiqindi chelakka to‘kib tashladim. Quruq choy topolmaganim uchun bir stakan qaynoq suvga shakar solib ichdim. Pechenelarni yeb tugatib, konfet so‘rib, kino tomosha qildim. Ilk bor xotinimning mehnati haqida o‘yladim. Yo tavba, shakarli qaynoq suv tayyorlab, pechene yegunimcha bir yarim soat vaqt o‘tibdi. Ovqatni vaqtida tayyorlamagani uchun xotinimni koyirdim. «Chuchvara tugish mayda ish, o‘n daqiqa kechikdim», degani uchun ajrashib, boshqa xotin olmoqchi bo‘lganimni eslab, yig‘lagim keldi.

Uchinchi kun
Bir uyum yuvilmagan kosa-tovoq, qozon, shamasini mog‘or bosgan choynak, qattiq non bo‘laklari va ushoqqa to‘la dasturxon… Ishga nonushtasiz jo‘nadim. Tushlikkacha ochlikdan o‘lishdan qo‘rqib, soat o‘nlarda ko‘chadagi oshxonada ovqatlanib oldim. Soat birda esa qornim to‘qligi uchun tushlik qilolmadim. Biroq ish tugashiga ikki soat qolganda, kechqurun ochlikdan qornim surnay emas, karnay chala boshladi. Uyga «Rolton» olib borib, umrimda birinchi marta ovqat pishirdim. Non olib kelish esimdan chiqqani uchun qattiq nonni yeyish oson bo‘lmadi, lekin shunisiga ham shukr. Choy ham damlamoqchi bo‘ldim. Afsuski, choynakning shamasi mog‘arlab ketganini ko‘rib, chanqog‘im to‘xtadi-qoldi.

To‘rtinchi kun
Ertalab yana «Rolton» sotib oldim. Bu — xotinsizlar ovqati ekan. Muzlatkichdan tuxum topdim-da, qaynatib yedim. Tushlikkacha binoyidek yurdim. Demak, harakat qilsa bo‘larkan. Biroq hamkasblarim shunday deyishdi: «Xotiningiz ketib qolganmi? Nega kiyimingiz dazmollanmagan, yoqangiz kir, soqolingiz olinmagan? Buning ustiga ozib ketibsiz?..» Nima deyishga ham hayron qoldim. Xotinim uyda yo‘q, lekin nega soqol olmayapman? Jiz-biz qilish, choy qaynatish, kiyim dazmollash shunchalik qiyinmi?

Kechqurun tuxum qovurib yedim. Afsuski, endi tova ham yo‘q. Uni «bu dunyo»ga qaytarish uchun yuvish kerak, xolos. Lekin kim?

Beshinchi kun
Hammasini o‘zim bajarishga ahd qildim. Uyni qo‘lansa hid bosgan, har joyda «Rolton» qog‘ozlari yotar, yuviqsiz kosa-tovoqlarga qarab bo‘lmasdi. Achimsiq hidning manbaini topdim: chiqindi chelakka uch kun burun tashlangan ovqat bijg‘ib ketgan ekan. Shu kuni ishga kechiksam ham, chelakni bo‘shatib, choynakni yuvdim, choy damlab ichdim. Muzlatkichda sariyog‘ bor ekan, do‘kondan non sotib oldim…

Bu kun ishga odamga o‘xshab bordim. Axir kiyimlarimni ham dazmollagan edim-da… Kechqurun makaron qovurdim. Qozon-tovoqni yuvgunimcha yarim kecha bo‘lishini hisobga olmasak, bu hech qiyin ish emas ekan. Shanba kuni kiyishga toza paypoq yo‘q edi. Paypoq yuvgunimcha xo‘rozlar qichqira boshladi. Agar uy bekasi bo‘lganimda, faoliyatimning birinchi haftasidan tirik chiqmasdim.

Oltinchi kun
Uyni supurdim! Kiyimlarimni bir chiziq qilib dazmollashni o‘rgandim. Uylanganimdan beri birinchi marta tufli tozaladim. Har kuni uch mahal dasturxon yozadigan xotinlarga haykal qo‘yish kerak, degan xayolda ishga jo‘nadim. Xudo xohlasa, ertaga ikki bolam bilan qaytadi. Ham eriga, ham bolalariga qaragan xotin zoti yerlik emas, o‘zga sayyoralik robot bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Kechqurun uyni ag‘dar-to‘ntar qilib, xotinimning pultini axtardim. Agar topsam, shu zahotiyoq qishloqdan uchib keladigan tugmachasini bosmoqchi edim…

Yettinchi kun
Bir tog‘ora kir yuvdim! Pollarni artdim! Qo‘llanmaga qarab, chuchvara pishirgandim, qurbaqaga o‘xshab qolsa ham, yeyishli bo‘ldi. Tushdan so‘ng qo‘shni xotinlar bilan valaqlashib o‘tirsam, uzoqdan xotinim va ikki bolam ko‘rindi. Xursand bo‘lganimdan hushimdan ketib qolibman… Mana, yigirma kundan beri kasalxonadaman. Shifokorlar o‘ta og‘ir mehnatdan ezilgani uchun jismonan majruh va aqlan zaif bo‘lib qolishiga bir soat qolgan ekan, deyishibdi…
El-Mansur universiteti arxeologlari O’rtayer dengizi paydo bo’lgunga qadar mavjud bo’lgan okean qirg’og’ida yashagan dinozavr qoldiqlarini topishga erishdilar.

Xabarda aytilishicha, dinozavrning uzunligi 10 metr va vazni 5,5 tonnaga teng bo’lgan. Jonivor o’txo’r tirannozavrlar toifasiga kirgan va Bo’r davrida, bundan tahminan 80 million yil avval yashab o’tgan.

Ilmiy ekspeditsiyaga Mansur universiteti qazishma ishlari markazi direktori doktor Xisham Salam boshchilik qilgan. Dinozavr qoldiqlarini topishga yo’naltirilgan qazishma ishlari bilan olimlar 2010 yildan buyon shug’ullanar edilar.

Arxeologik topilma asosi bo’lib esa qadimiy haritalar va avvalgi tadqiqotlar natijalari xizmat qilgan.
Geofiziklar suv osti seysmografi yordamida akustik anomal holatni qayd etishdi, ular okean tubidagi erkin tebranishlar tufayli yuz bergan. Tegishli tadqiqot Geophysical Research Letters jurnalida e’lon qilindi.

Ularni eshitish imkoniyati inson qulog‘ining qabul qilish minimal to‘sig‘idan o‘n ming marotaba kamroq bo‘lgan. Ilk bor shunday fenomen 1998 yilda hujjatlarga kiritilgandi, biroq o‘shandan beri uning kelib chiqish sababi noma’lumligicha qolmoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, “shovqin” hattoki nol darajali seysmik faollikda ham kuzatiladi.

Yangi ma’lumotlar Fransiya va Germaniyadan bo‘lgan hamda Parijdagi Yer fizikasi institutilik Marta Din boshchiligidagi olimlar guruhi tomonidan olindi. Geofiziklar Hind okeani tubidagi tebranishlarni 4540 va 4260 metrlik ikki nuqtada o‘lchashdi hamda chastotasi 2,9 dan 4,5 milligers bo‘lgan doimiy tovush to‘lqinlarini aniqlashdi.

Tadqiqotda fenomenni tushuntirib berishi mumkin bo‘lgan bir necha farazlar ham taqdim etildi. Xususan, olimlarning taxminicha, “shovqin” yoki atmosfera va yer qobig‘i o‘rtasidagi akustik rezonans sababli, yoxud qattiq yuzaning okean to‘lqinlari bilan o‘zaro aloqasi tufayli paydo bo‘lishi mumkin.
O‘g‘irlangan boyliklar qiymati va ularning atrofida ko‘tarilgan shov-shuvlar, ko‘plab jinoyatlar tarixda qolgan. Ularning bir nechtasi bo‘yicha ma’lumotlarni e’tiboringizga havola etamiz.

* Aniq dalillar va hujjatlar saqlanib qolingan hamda to‘liq ochilgan dastlabki katta o‘g‘rilik sifatida 1831 yilning 19 martida Nyu-Yorkdagi «City Bank»dan o‘marib ketilgan 245 ming dollar bo‘yicha qayd etilgan jinoyatni aytib o‘tish mumkin. Hozirda arzimasdek ko‘rinsa-da, bu o‘z davri uchun olamshumul mablag‘ edi. O‘sha davrlarda amerikadagi o‘rtamiyona ishchi 30-40 dollar maosh evaziga ishlardi. Ko‘p vaqt o‘tmay jinoyat ochildi va pulning asosiy qismi qaytarildi. Uddaburon o‘g‘ri — angliyalik muhojir Edvard Smit esa panjara ortiga ravona bo‘ldi;

* 1963 yilning 8 avgustida Angliyada butun boshli poyezd o‘g‘irlab ketildi. Pochta esheloni qirollar oilasiga tegishli ekanligi shov-shuvlarni yanada oshirib yubordi. Vagonlariga qimmatbaho yuklar ortilgan bu poyezdni «supurib» ketish uchun o‘g‘rilar juda oddiy va samarali usulni tanlashdi —yo‘ldagi semafor (poyezd svetofori) rangini o‘zgartirib qo‘yishdi va poyezd to‘xtashi bilan 15 kishi unga yopirilib chiqishdi. Bor-yo‘g‘i 20 daqiqa ichida jinoyatchilar eng qimmatli yuklar ortilgan ikki vagonni xavfsiz joyga tortib ketib, ichidagi 2,6 million funt sterlingga, hozirgi davrning 60 million dollariga teng qiymatli boyliklarni qo‘lga kiritdilar. Jinoyatni ochish uchun nafaqat London politsiyasining, balki butun Angliya hukumatining obro‘si tikildi va butun mamlakat posbonlari oyoqqa turdi. Tez orada jinoyatchilarning aksariyati qo‘lga olindi va jazoga tortildi. Lekin to‘daning eng mashhur yetakchisi Ronni Biggz politsiya qo‘lidan qochib ketishning uddasidan chiqdi. Oradan 36 yil o‘tganidan so‘ng jinoyatchi baribir tutildi va jazoni o‘tash uchun Angliyaga qaytarildi.

* 1990 yilda AQShdagi eng yirik muzeylardan biridagi qimmatbaho rasmlar o‘g‘irlab ketildi. Jinoyatchilar osongina yo‘l tutdilar. Ular politsiya kiyimida muzey xodimlariga uchrashib, signalizatsiyalarni tekshirib chiqmoqchi ekanliklarini bildirdilar va tez orada jahon tasviriy san’ati durdonalarini olib chiqib ketdilar. Suratlar orasida Rembrandt, Mone, Dega singari musavvirlarning noyob asarlari bor edi va ularning umumiy qiymati 300 million dollarga baholandi. Jinoyat hozirgi kunga qadar ochilmadi;

* 2008 yilning 10 fevralida ham yuqoridagi o‘xshash jinoyat sodir etildi. Syurixda yashovchi Emil Byurlening shaxsiy kolleksiyasidan Van Gog, Sezann singari rassomlarning 165 million dollarlik suratlari o‘marib ketildi. Asosli ma’lumotlar uchun 100 ming frank va’da qilindi. Oradan ikki kun o‘tib ruhiy kasalliklar shifoxonasi yonida turgan avtomobildan suratlarning aksariyati topildi. Lekin ularning ikkitasi hanuzgacha qidirilmoqda. Garchi «qora bozor»da o‘g‘irlangan suratlar qiymatidan o‘n baravar arzonga ham xaridor topish mushkul bo‘lsa-da, shaxsiy kolleksiyalarini to‘ldirish ilinjida bo‘lgan korchalonlarning buyurtmalari jinoyatchilarni nafaqat banklarga, balki muzeylarga ham yetaklayveradi;

* 2009 yilning 25 iyunida Rossiyaning Perm shahrida inkassatorlarning maxsus avtomobilidan 250 million rubl (deyarli 10 million dollar) o‘g‘irlab ketildi. Darhol inkassatorlardan biri, jinoyatdan keyin yo‘qolib qolgan Aleksandr Shurman shubha ostiga olindi. Tez orada u qo‘lga olindi va o‘rmonga ko‘mib qo‘yilgan pullar ham topildi. Pullarning 1,5 million rublini shavvoz o‘g‘ri yaqin tanishlariga tarqatib yuborishga ulgurgandi. Sudda Shurman 8 yilga kesilib ketdi. Eng qizig‘i, pullar tegishli bo‘lgan bank sudda o‘g‘ridan pullar unda turgan muddat uchun foizlar undirilishini ham talab qildi.

Ahmoqona o‘g‘riliklar
Kimdir «buyuk» jinoyatlari bilan tarixda qolsa, yana kimlardir ahmoqona o‘g‘irliklari bilan butun umr masxara bo‘lib o‘tadilar.

* AQShda bir yigitcha cho‘ntagini osongina to‘ldirmoqchi bo‘ldi va yonilg‘i quyish shoxobchalaridan biriga kirib, barcha naqd pullar shu ondayoq unga berilishini talab qildi. Agar talabi bajarilishdan bosh tortsalar hammani o‘ldirib tashlashini ham pisanda qilib qo‘ydi. Lekin shoxobchaning ikki xodimi unga qarshilik qila boshladilar. Bundan g‘azablangan talonchi shu ondayoq politsiya chaqirishini aytib qo‘rqita ketdi. Hayratda qolgan xodimlar tavakkal qilib yana qarshilik qilishdi. Buni qarangki, yigitcha rostdan ham politsiyaga qo‘ng‘iroq qildi...

* 2008 yilda amerikalik politsiyachilar ancha vaqtgacha bir o‘g‘rini tutolmay yurishgandi. O‘g‘ri juda oson yo‘l tutardi. Asosan oynavand zargarlik do‘konlari yoniga borar va g‘isht otib oynani sindirib, tillalarni olib qochardi. Aynan shu uslubi kunlardan birida uning boshiga yetdi. Navbatdagi mo‘ljalga olingan oyna zarbaga chidamli bo‘lib chiqdi va talonchi otgan g‘isht qaytib kelib o‘zining boshiga urildi. O‘g‘ri ikki soat davomida hushsiz yotdi, bu vaqt uning hibsga olinishiga kifoya qildi.
Abror Zohidov tayyorladi.
Mazkur kartina avstriyalik rassom Ferdinand Georg Kaldmyuller qalamiga mansub bo’lib, unda 1860 yillar holati tavsirlangan.

Rasmda nimanidir kutayotgan ayol qo’lidagi “iPhone” telefoniga o’xshash buyumga ko’z tikib turganini ko’rish mumkin, deyiladi xabarda.

Glazgolik xodim Piter Rassel suratdagi qiz bugungi kun insonlari o’z smartfonlariga qanday tikilsalar, qo’lidagi buyumga huddi shunday tikilib turganini qayd etgan.

Avstriya art-agentligi direktori Jerald Vaynpolter esa qiz qo’lidagi buyum smartfon emas, duolar kitobi ekanligini ta’kidlamoqda.
Jurnalistlar Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlarini o‘rganib, 179 mamlakatda semizlik, alkogol va tamaki iste’moli holatini tahlil qilishdi. Natijada Chexiya dunyoning eng “nosog‘lom” mamlakati deb topildi.

Tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, Chexiya Respublikasi aholisi boshqa mamlakatlardan ko‘ra ko‘proq alkogol iste’mol qilishar ekan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, har bir odam bir yilda 13,7 litr alkogol iste’mol qiladi. Bundan tashqari, chexlar tamaki iste’moli bo‘yicha 11-o‘rinni egallashdi.

Ikkinchi pog‘onadan Rossiya joy oldi, keyin Sloveniya, Belarus, Slovakiya va Vengriya.

Eng sog‘lom mamlakat Afg‘oniston bo‘ldi. Bu yerda semizlik darajasi juda past, mamlakatning alkogol saqlash va ichishga ta’qiq qo‘ygan qonuni ham ehtimol bu borada katta rol o‘ynagan.

Gvineya ikkinchi eng sog‘lom mamlakat deb topildi, uning ketidan Niger va Nepal joy oldi.
Haqiqatan, o‘sha kuni Meksika osmonida o‘zga sayyoraliklar fazo kemasi parvoz qilgani videomaterialda ham ko‘rsatib o‘tilgan. Bu holat deyarli vayronaga aylangan Pueblo shahri televideniye orqali namoyish etilayotganda kuzatilgan. O‘shanda minglab tomoshabinlar Pueblo osmonida noma’lum ob’ekt parvoz qilayotganini kuzatishgan. Xo‘sh, agar bu ob’ekt o‘zga sayyoraliklar kemasi bo‘lsa, ularni nima qiziqtirdi? Zilzilami? Olimlarning fikricha, o‘zga sayyoraliklar hech qachon shunchaki qiziqish, tomosha qilish niyatida kezishmaydi. Demak, ularni xuddi shu shahardagi biror jiddiy masala qiziqtirgan.

Boshqa bir olimlar guruhi esa osmondagi parvoz qilayotgan ob’ekt shunchaki dronlar bo‘lishi mumkinligini bayon qildi. Aytishlaricha, o‘sha dronlar yordamida vayronalar suratga olingan va keyinchalik internet saytlariga joylangan bo‘lishi mumkin.

Ammo Mexiko ko‘chalaridagi asfalt yo‘llar pastdan yuqoriga ko‘tarilib tushib, butun mamlakat ahlini dahshatga solishi, go‘yo shu yo‘l bilan nafas olishi illyuziya emas. Ufologlar bu holat yaqin vaqtlar ichida sodir bo‘lishi kutilayotgan megazilziladan darak ekaniga sira shubha qilishmayapti.
Ma’lumki, ayollar faqat 40 yoshgacha tug‘ish imkoniga ega deb hisoblaymiz. Aslida ham shunday. Ellikka borgan ayol organizmi zaiflashib bo‘ladi. Bu organizm bilan farzand dunyoga keltirishning sira imkoni yo‘q. Ammo biz nohaq ekanmiz. Italiyalik 101 yoshli Anatoliya Vertadella nohaqligimizni amalda isbotladi. Onaxon shu yoshda 4 kilogramm vaznga ega o‘g‘ilni dunyoga keltirdi. Shubhasiz, onaxonning turmush o‘rtog‘i allaqachon yorug‘ dunyoni tark etgan. Ular birga umr kechirish jarayonida 16 nafar farzandni voyaga yetkazishdi.

— Men 16-bolamdan keyin ham yana xudo berganicha farzandlarni dunyoga keltirishga tayyor edim, — deydi Anatoliya ona. — Baxtga qarshi jinsiy a’zolarim saraton xastaligiga uchradi. Men uzoq vaqt davolanishga majbur bo‘ldim. Bir kuni o‘ylanib o‘tirib, sun’iy yo‘l bilan tug‘ishga qaror qildim. Shunday bo‘ldi ham. Bu amaliyotni Turkiyadagi xususiy klinikalardan birining vrachlari ado etishdi…

Ha, onaxon uzzukun xudoga shukr qilib charchamayapti. Farzandi dunyoga kelgandan keyin qabristonga borib quvonchini marhum eri bilan baham ko‘rdi.

— Azizim, — dedi Anatoliya ona. — O‘sha paytlarda sizga va’da berganimdek, bevaligimcha qoldim. Sizga xiyonat qilmadim. Qarang, men 17- farzandimizni tug‘dim. Xudoning qudrati bilan bunisiyam sizga quyib qo‘ygandek o‘xshaydi-ya! Bezovtalanmay, tinch yoting, xo‘pmi!?. Men sizga sodiqman, otasi, sodiqman!..

Onaxon so‘nggi jumlalarni tiliga ko‘chirishga ko‘chirdi-yu, yig‘lab yubordi. Qisqa fursat ichida eri rahmatli bilan birga kechirgan kunlarini yodga oldi. Keyin esa istar-istamas ortga qaytdi.

17- farzandining qornini to‘ydirishi lozim edi.
Britaniyaning Purple provayderi ijtimoiy tajriba o‘tkazishga qaror qildi va jamoat joyidagi Wi-Fi’dan foydalanish shartnomasining oddiy shartlarini o‘zgartirdi. Unga kutilmagan majburiyatlar kiritildi, deb xabar bermoqda Kun.uz.

Xususan, shartlarda aytilishicha, internetdan foydalanishga rozi bo‘lganlar 1000 soatlik jamoat ishlarini bajarishlari lozim bo‘lgan. Bepul Wi-Fi ishqibozlari qilishi lozim bo‘lgan mashqlar orasida – hojatxonalarni tozalash, uysiz mushuklarni quchoqlash va chig‘anoqlar kosasini bo‘yash kabilar bo‘lgan. Hammasi bo‘lib bunday ishlarni bajarishga 22 ming kishi rozilik bildirdi.

Purple bunday o‘ziga xos tajriba orqali deyarli hech kim xizmatdan foydalanish avvalida shartnoma shartlarini o‘qimasligiga e’tibor qaratmoqchi bo‘lgan, bu esa jiddiy muammolarga olib kelishi ham mumkin.
Ҳиндистонлик шифокорнинг эндигина дунёга келган чақалоқ билан тасвирланган видеоси Facebook ижтимоий тармоғида тарқалди.

Янги туғилган чақалоқ шифокорнинг ёрдами билан ўзининг илк қадамларини ташлади. Ушбу воқеа тасвирланган видео ижтимоий тармоқда ҳақиқий сенсацияга айланди.

Бир неча кун ичида 85 миллион маротабага яқин томоша қилинган видеога 100 мингталаб изоҳ қолдирилди. Фойдаланувчилар чақалоқда бундай қобилият қаердан пайдо бўлганини тахмин қилишда давом этмоқда. Таъкидлаш жоиз, Ҳиндистонда ноодатий чақалоқлар туғилиши кўплаб учраб туради.
Biz chet qishloqlardan birida istiqomat qilamiz. Tog‘ yon bag‘rida yashaganimiz uchun odamlarning uylari bir-biriga yaqin emas, aksincha, uzoqroq, lekin qulay va tekisroq joyga qurilgan. Albatta, buning yaxshi tomonidan ko‘ra yomoni ko‘proq. Sababi, bizdek bag‘rikeng, mehmondo‘st xalqqa qo‘shnining uzoqligi sira to‘g‘ri kelmaydi. Axir, bir-biringizni ko‘rib, gurunglashib turganga nima yetsin? Shunday bo‘lsa-da, biz qo‘shnilarnikiga tez-tez chiqib hol-ahvol so‘rab turamiz. Baribir bu devor-darmiyon qo‘shni kabi bo‘lmaydi.

O‘tkan yili ayni mana shunday bahor kunlari edi. Tong qorong‘usida qo‘ylarni boqish uchun haydab ketayotgandim. Qarasam, qo‘shni hovlida g‘ala-g‘ovur. Yoshligim uchun “Ha, tinchlikmi?” deb baqirgani uyaldim. Lekin uyga qaytishim bilan bu haqda otamga aytdim. — Men chiqib kelay bo‘lmasa, — dedi otam eshitishi bilan joyidan irg‘ib turarkan. — Tinchlik bo‘lsin, ishqilib.

— Muncha qolib ketdingiz? Tinchlikmikan? — so‘radi onam.

— Tinchlik. Ma, mana buni olib qo‘y, — dedi otam qo‘lidagi qog‘ozga o‘rog‘liq go‘shtni onamga uzatib.

— Qo‘y so‘yishibdimi? — ajablandi onam.Ha. O‘g‘li kechasi qo‘ylarini bir yoyib kelay deb chiqibdi. Buni qara, g‘aflat bosib qo‘raning atrofida turgan ikkita bo‘rini ko‘rmabdi. Qo‘raning og‘zini ochsa, har doim tashqariga yuguradigan qo‘ylar hurkib, chiqay deyishmasmish. Bolayam yosh-da, qo‘yning nimadan cho‘chib turganiga e’tibor qilmay, ichkariga kirib, qo‘ylarni majburlab haydabdi. Ikkita qo‘y chiqishi bilan bo‘ri tashlanibdi-da! Shundagina ko‘rgan bola bechora bo‘rini...

— Voy o‘lmasam... — onam vahima bilan yoqasini ushladi. — Bolaga tashlanmabdimi, bo‘ri?

— Yo‘q, bu yog‘iga bola pishiqlik qilibdi. Shartta qo‘raning og‘zini yopib, baqira boshlabdi. Tayog‘igi o‘qtalib, shovqin ko‘taravergan. Uydagilar yugurgilab chiqishibdi. Shunda haligi bo‘rilar og‘zidagi o‘ljasini tashlab qochibdi.

— Qo‘yni bo‘g‘izlagan ekanmi? — so‘radi akam.

— Ha, ikkita bo‘ri bitta qo‘yga tashlangan ekan. Biri bo‘g‘zidan, ikkinchisi dumbasini olgan ekan. “G‘ajib tashlashga ulgurmagan ekan”, dedi qo‘shni. Balki tuzatsa bo‘lar, deb tonggacha qarashgan-da. Lekin bo‘zg‘idan qon ketishi to‘xtamabdi. Keyin harom qotmasin, deb o‘zlari so‘yib olishibdi. Jonivorning ichidan qo‘zichoq chiqibdi. Hademay tug‘adigan ekan.

— Hayriyat, kuyib qolishmabdi-ku! Asosiysi, o‘g‘liga hech narsa qilmabdi, — xotirjam tortdi onam.

— Qaytanga Abil boboning dimog‘i chog‘, — dedi otam bizni hayron qoldirib.

— Tavba, esini yeganmi, shu chol. Bitta qo‘ydan ajrab, yana xursandmi? — gap qo‘shdi katta opam.

— Bu yaxshilikka emish. Abil bobo vaqtida katta cho‘pon bo‘lgan. Odamlarning qo‘yini boqardi. U ko‘p narsani biladi. “Bo‘rida baraka bor. Bekorga qadimgilar “Bo‘rimi, tulki?” deb so‘ramaydi. “Bo‘ri” ishlar baroridan kelishini anglatadi. Bolam, endi qo‘ylaring urchiydi. Shunaqa ko‘payib ketadiki, og‘zing ochilib qoladi”, dedi bobo. Men ishondim. Bu gapni avval ham eshitgandek edim.

— Go‘rdan ko‘payadimi? Mana, o‘zi ikkita qo‘yga kuyibdi-ku! Ichidagi bolasini qo‘shganda. Nima desin, shunday deb ovutadi-da, bolalarini, — dedi onam.

— Mayli, yaxshi niyat-da! Ko‘paysin. O‘zi o‘n uchtagina qo‘yi bor ekan. Undan ham ikkitasi qo‘chqor. Qolgani tug‘sa ham ko‘payib ketadi-da...

— Bugun ham bitta qo‘yimiz egizak tug‘di. Otam olib qoldi. Qo‘zichoq charchaydi, — deydi kulib u.

— Avval qo‘ylarimiz sira egizak tuqqan emas. Qo‘ramizga bo‘ri tekkandan buyon baraka keldi. Har kuni bitta qo‘yimiz tug‘yapti. Yana egizak. O‘zimcha hisobladim. Yozgacha qo‘ylarimiz soni ellikdan oshadi. Kelasi yil bulturgi qo‘zilarimiz ham tug‘adi. Shu bilan qo‘ylarimiz yuzdan oshib ketadi. Qara, ikki yilning ichida o‘n uchta qo‘y shunchaga ko‘payadi, — qo‘shnimizning o‘g‘li hayratini yashira olmaydi.

Otam ketishi bilan bizning ham ichimiz qiziy boshladi. Tag‘in atay qilgandek otam ham kelay demasdi. Oradan uch soatcha vaqt o‘tib, kirib keldi.

“Qo‘y so‘ygan ekan-ku!” — o‘yladim o‘zimcha.

Otam negadir boboning gaplariga ishondi. Lekin ishonasizmi, yo‘qmi, o‘sha oyning ichida ularning qo‘ylari egizak qo‘zilay boshladi. Har kuni birga qo‘y boqqani chiqamiz, tengqurimning qo‘yi ko‘payib ketaveradi.

Yozda esa ularning qo‘ylari soni biznikidan ko‘p edi. O‘ttizdan oshgandi. Mana, bu bahor ham shunday bo‘lyapti.

Mening quloqlarim tagida esa otamning so‘zlari jarangladi: “Bo‘rida baraka bor!”
AQShda o'tkazilgan tadqiqot natijalariga ko'ra shu ma`lum bo'ldiki, amerikaliklarning bor-yo'g'i 36 foizi Osiyo xaritasida Shimoliy Koreya qayerda joylashganini to'g'ri ko'rsata oladi. Bu haqda New York Times nashri xabar bermoqda.

Tadqiqot doirasida so'ralganlar amerikaliklarning aksariyati Shimoliy Koreya o'rniga Afg'oniston, Hindiston, Eron, Yaponiya, Janubiy Koreya va Vetnamni ko'rsatishgan.

So'ralgan erkaklardan 45 foizi, ayollardan esa 27 foizi Shimoliy Koreyani to'g'ri ko'rsata olgan. Respublikachilardan 37 foizi, demokratlardan esa 31 foizi buni uddalay olgan.

Geografiyadan yaxshi bilimga ega bo'lish geosiyosiy jarayonlarning murakkabligin chuqurroq anglashga yordam berishi mumkin, deb ta`kidlamoqda nashr. Misol uchun, 2014 yilda Ukraina bilan o'tkazilgan shunga o'xshash tadqiqotda shu ma`lum bo'lganki, Ukrainaning xaritadagi o'rnini ko'rsata olmagan odam u yerdagi vaziyatga harbiy aralashuvni qo'llab-quvvatlashi imkoniyati katta bo'lgan.
Annu ismli yetta yashar birmingemlik (Buyuk Britaniya) qiz maktabga birinchi marta yangi protez oyoq bilan keldi. Uning dugonalari bunga qanday munosabatda bo‘lgani aks etgan videoga The Telegraph e’tibor qaratdi, deb xabar beradi TJournal.

“Bu sening pushti oyog‘ingmi?”, — deya hayratini ifodaladi qizaloqlardan biri. Boshqa qizcha “Vau!” deb qichqirib yuborib, dugonasini quchoqladi.
Reddit’ning albo_underhill taxallusli foydalanuvchisi tog‘-chang‘i kurortidagi hojatxonaning derazasi va balkon eshigi ochiq qoldirilsa, qanday manzara yuzaga kelishi aks etgan videoni e’lon qildi.

Meduza’ning yozishicha, deraza va eshik qancha vaqt ochiq qolganiga aniqlik kiritilmagan, biroq o‘tgan fursat davomida xona xuddi eski muzlatgichning muzxonasiga aylanishga ulgurgan.
Amerikada 17 yil davomida farzand kutgan oila bir yo‘la olti farzandli bo‘ldi, deb yozadi Washington Post.

Asli nigeriyalik Tayvolar oilasi Virginiya shtatining Richmond shahrida yashaydi, ular 11-may kuni uch o‘g‘il va uch qiz farzandning ota-onasiga aylandi. Kesarcha kesish yo‘li bilan o‘tgan tug‘uruqni 40 nafar shifokordan iborat guruh qabul qildi.

Ularning aytishicha, 30-haftada tug‘ilgan bolalarning barchasi o‘zini yaxshi his qilmoqda va rivojlanishda davom etmoqda, ammo hozircha intensiv davolash bo‘limida tibbiy kuzatuv ostida qolmoqda, ular kasalxonadan qachon chiqishi noma’lum. Bolalarning onasiga esa o‘tgan haftada uyga ketish uchun javob berishdi.

Chaqaloqlarning eng kichigi tug‘ilgan vaqtda 500 gramm tosh bosgan bo‘lsa, eng kattasining vazni 1 kilogrammdan sal ortiqroq bo‘lgan.
1 2 »
АВТОРИЗАЦИЯ НА САЙТЕ